Boks boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi birinchi boʻlib toʻliq tarkibda Parij-2024 yoʻllanmalarini naqd qildi
Italiyaning Busto-Arsitsio shahrida boks boʻyicha 1-jahon litsenzion musobaqasi oʻz yakuniga yetdi. Unda qatnashgan Oʻzbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga 5 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Qayd etish joiz, musobaqa davomida 113 mamlakatdan faqatgina Oʻzbekiston va Qozogʻiston terma jamoalari 5 tadan yoʻllanmaga ega boʻlishdi. Mezbonlar 4 ta, Polsha jamoasi 3 ta litsenziyani naqd qilgan boʻlsa, yana bir qator mamlakatlar 2 va 1 tadan (hatto Kubada ham 1 ta) yoʻllanma bilan uyga qaytadigan boʻldi.
Umumiy hisobda Avstraliya boks bahslari uchun eng koʻp yoʻllanma sohibi boʻlib turibdi. “Yashil qitʼa” vakillarining 12 nafar (6 erkak va 6 ayol) aʼzosi Parij-2024 ishtirokchisiga aylangan. Biroq jamoa raqobat deyarli yoʻq boʻlgan Okeaniya mintaqasi uchun tashkil etilgan musobaqada litsenziyalarga ega chiqqanini inobatga olish kerak. Qolgan yetakchi jamoalar hisobidagi yoʻllanmalar quyidagicha:
Braziliya – 10
Oʻzbekiston – 9
Fransiya, Italiya – 8
Turkiya, Qozogʻiston, Xitoy – 7 ...
1-jahon litsenzion turniridagi muvaffaqiyatsizlik hozirda Kuba jamoasi inqirozni boshdan oʻtkazayotganini yana bir karra koʻrsatdi. Naqd 41 ta Olimpiya oʻyinlari chempionlarini yetishtirib bergan ushbu jamoa hisobida Parij-2024 Oʻyinlariga hozircha 4 ta litsenziya bor xolos.
Qayd etish joiz, Italiyadagi turnirdan soʻng erkaklar jamoamizdagi yoʻllanmalar toʻliq boʻldi – 7 ta. Bu borada yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, hali hech bir jamoa erkaklar oʻrtasidagi barcha vazn toifalarida rejani toʻliq bajarmadi. Qizlarimiz hisobida hozircha 2 ta yoʻllanma mavjud. Demak, ayollar oʻrtasida ham barcha vazn toifalaridagi yoʻllanmalar toʻliq boʻlishi uchun 23-may – 3-iyun kunlari Tailandda oʻtadigan 2-jahon litsenzion turnirida 4 nafar bokschi qizimizga muxlislik qilamiz.
Yakunda Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlari va Italiyadagi turnir orqali Parij-2024 litsenziyalarini naqd qilgan hamyurtlarimizni eslatib oʻtamiz:
-51 kg: Hasanboy Doʻsmatov
-57 kg: Abdumalik Xalokov
-63.5 kg: Ruslan Abdullayev
-71 kg: Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev
-80 kg: Toʻrabek Habibullayev
-92 kg: Lazizbek Mullojonov
+92 kg: Bahodir Jalolov
-50 kg: Sabina Boboqulova
-54 kg: Nigina Oʻktamova