Ommaviy va professional sport yoʻnalishlaridagi ishlar holati tanqidiy ruhda koʻrib chiqildi
Oʻtgan hafta Olimpiya oʻyinlari va jahon chempionlari Oksana Chusovitina hamda Bahodir Jalolov mahorat maktablariga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlari va sport jamoatchiligi bilan videoselektor yigʻilishi oʻtkazib, hududlarda ommaviy sport musobaqalarini muntazam tashkil etish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish qamrovini kengaytirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.
Bugun Prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida Sport vaziri Adham Ikramov boshchiligida Joylarda ommaviy va professional sportni rivojlantirish borasidagi ishlarni jonlantirish mavzusida kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Vazirlik, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati, Toshkent shahri va viloyatlardagi sport boshqarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sport vazirligi mutasaddilari ishtirok etishdi. Federatsiya va assotsiatsiyalarning masʼullari jarayonni bevosita MOQ majlislar zalidan kuzatib bordilar.
Yigʻilishga Xorazm viloyatida xizmat safarida boʻlib turgan vazir Adham Ikramov raislik qildi. Tanqidiy ruhda oʻtgan videoselektorda yurtimizda ommaviy sport targʻiboti boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Vazir oʻz nutqida baʼzi hududlardagi ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgani, quyi boʻgʻinlar bilan toʻlaqonli ish tashkil etilmagani borasida masʼullarga keskin fikr bildirdi. Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida har bir viloyat boshqarmalariga yillik strategiya ishlab chiqish, haftaning har payshanba kunini sport kuni sifatida belgilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Oʻz navbatida, MOQ rahbariyatiga Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari va undan keyingi kompleks musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish, yigʻilishdan soʻng federatsiyalar masʼullari bilan mavzu yuzasidan rejalarini yana bir karra tahlil qilish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Konferensiya yakuniga yetgach MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov federatsiya vakillari bilan alohida uchrashuv oʻtkazishdi. Unda Oybek Omilovich federatsiyalar kesimida hududlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish, mavjud moddiy texnik bazalarni oʻrganish taklifini ilgari surdi. Sherzod Rixsibayevich esa faqatgina Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga eʼtibor qaratmasdan, Nagoya-2026 yozgi Osiyo va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya uchun ham zaxira tarkibni shakllantirib borish zarurligini qoʻshimcha qildi.
Suhbat davomida dolzarb masalalar yuzasidan kerakli vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, federatsiyalarga Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan va unda shohsupaga koʻtariladigan sportchilarning murabbiylarini ragʻbatlantirish borasida takliflar yuborish belgilandi.