6 Mart 2024 476

Ustoz ijodkorlarga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishoni topshirilib, moʻtabar ayollar bayram arafasi taqdirlanishdi

Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi muntazam ravishda sportimiz rivojiga hissa qoʻshgan fidoyilarga eʼtibor koʻrsatib keladi. Tashkilot yaqinlashib kelayotgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan faxriy ayollarimizga bayram sovgʻalarini ulashdi. Shuningdek, tadbirning ikkinchi qismida bu yil oʻzining 20-yilligini nishonlayotgan OʻzMTRK qoshidagi “Sport” teleradiokanalining faxriy ijodkorlari hamda faoliyatini sogʻlom turmush tarzi va sport targʻibotiga bagʻishlagan bir guruh soha fidoyilariga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi.

Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida oʻtgan tadbirda Sport vazirining oʻrinbosari Durdona Rahimova, Oʻzbekiston Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, ustoz-murabbiylar hamda bir guruh Olimpiya harakati targʻibotchilari ishtirok etishdi. Durdona Shukrullayevna tadbirni ochib berar ekan, mamlakatimizda xotin-qizlar sportining rivojiga qaratilayotgan eʼtibor, faxriylarimizning ibratli hayot yoʻli, ular tomonidan bugungi yutuqlarimiz uchun qoʻyilgan poydevor haqida gapirib oʻtdi. Oʻz navbatida, Bahodir Maxsitovich umrini sogʻlom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va sportni targʻib qilishga bagʻishlagan ustoz ijodkorlarni eʼtirof etdi. Qolaversa, sport sohasida xizmat qilgan va hozir ham faoliyat olib borayotgan barcha xotin-qizlarni kirib kelayotgan bayram bilan qutladi.

Shundan soʻng sport sohasining fidoyi onaxonlariga esdalik sovgʻalari, ustoz ijodkorlarga esa “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishonlari taqdim etildi. Tadbir qatnashchilari davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Yakunda faxriylarimiz xalqimiz va yurtimiz farovonligi uchun qoʻllarini duoga ochishdi.

Text to speech