5 Mart 2024 693

Marafon yo‘nalishini rivojlantirishda Keniya tajribasi o‘rganilmoqda

Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi xorijda shugʻullanayotgan terma jamoalarimizning sharoitini batafsil oʻrganmoqda. MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi ishchi guruh yengil atletikaning marafon yugurish dasturi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining Iten shahrida (Keniya) olib borayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga tashrif buyurib, ular uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.

Ma’lumki, afrikalik uzoq masofaga yuguruvchilar, xususan, keniyaliklar jahonda eng kuchlilar qatorida e’tirof etiladi. Keniyalik yuguruvchilarning barchasi Iten shahrida shug‘ullanishadi. Qayd etish joiz, sportchilarimiz o‘tgan yili ushbu shaharda dastlabki yig‘inda ishtirok etishgan edi. Shundan keyin ularning xalqaro maydondagi natijalari sezilarli darajada o‘sdi. Shu bois, ishchi guruh marafonchilarimizni bir necha bosqichli yig‘inda qatnashish uchun yana Iten shahriga jo‘natishga qaror qildi.

Hamyurtlarimiz bilan bir vaqtda Fransiya, Mo’g’uliston, Yaponiya, Ukraina, Italiya, Efiopiya, Eritreya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan nomdor sportchilar shug’ullanishmoqda. Sherzod Tashmatov atletlarimiz bilan uchrashib, ularning kunlik dasturi, ovqatlanish ratsioni haqida suhbatlashdi. Bunga javoban, marafonchilarimiz davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bunday sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdilar.

Shuningdek, sportchilarimizni shug‘ullantirayotgan xalqaro ekspert bilan ularning imkoniyatlari, yangi rejalar haqida fikr almashildi. Tashrif davomida uzoq masofaga yugurish borasida Keniya tajribasini o‘rganish va uni amalda tadbiq etish masalasi ham ko’rib chiqilmoqda.

Text to speech