29 Fevral 2024 859

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan 2023-yil amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot

Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan sportchilarni Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash borasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi PQ-5281-sonli qaroriga muvofiq, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, sport federatsiya (uyushma)lari, vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda har bir Olimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash strategiyasi ishlab chiqildi.

Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun 409 nafar sportchilar kontingenti (108 nafar asosiy tarkib va 301 nafar sparring sheriklar) tanlab olindi, 103 nafar trenerlar shtabi va 53 nafar tibbiyot shtabi aʼzolari jalb qilindi.

Xorijiy tajribadan foydalanish va tajriba almashish uchun 21 ta sport turi boʻyicha 16 ta davlatdan 38 nafar malakali trener-mutaxassislar taklif etildi.

34 ta Olimpiya sport turlari boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolari 208 ta mahalliy va 98 ta xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtiroki taʼminlandi.

Milliy terma jamoa aʼzolari 57 ta xalqaro turnir va musobaqalarda, shu jumladan, 17 ta Jahon va 33 ta Osiyo chempionatlarida, 7 ta Gran pri va “Katta dubulgʻa” turkumidagi nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, jami 289 ta medallar (76 ta oltin, 100 ta kumush va 103 ta bronza) qoʻlga kiritildi:

Jahon chempionati va kuboklarida 53 ta (20 ta oltin, 13 ta kumush va 20 ta bronza);

Osiyo chempionati va kuboklarida 223 ta (50 ta oltin, 84 ta kumush va 89 ta bronza);

Xalqaro turnirlarda 13 ta (6 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza) medallari qoʻlga kiritildi.

Jumladan:

4-14-avgust kunlari Belarus Respublikasida II MDH davlatlari sport oʻyinlari boʻlib oʻtdi va unda 22 ta mamlakatning sport jamoalari ishtirok etdi.

Bunda, Oʻzbekiston delegatsiyasi 17 ta olimpiya va 5 ta noolimpiya sport turi boʻyicha jami 326 nafar (183 nafar erkak, 143 nafar ayol) sportchilar bilan musobaqani umumjamoa hisobida 3-oʻrinda (28 ta oltin, 25 ta kumush, 53 ta bronza) yakunladi.

Xususan, 1-oʻrin Rossiya, 2-oʻrin Belarus, 3-oʻrin Oʻzbekiston,
4-oʻrin Ozarbayjon, 5-oʻrin Qozogʻiston.

23-sentyabr – 8-oktyabr kunlari Xanchjou (Xitoy) shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi jami 559 nafar shundan 371 nafar sportchilar, 31 nafar delegatsiya ishchi guruhlari, 95 nafar trenerlar, 28 nafar tibbiyot xodimlari, 29 nafar jamoa rahbarlari, 5 nafar hakamlar bilan ishtirok etishdi.

Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida atletlarimiz tomonidan 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza jami 71 ta medal qoʻlga kiritilib, 45 mamlakatlar orasida 5- oʻrinni egalladi.

Bu Oʻzbekiston delegatsiyasining Osiyo oʻyinlari tarixida medallar sifati va soni boʻyicha eng yaxshi natijasi boʻldi.

  1. 10 ga yaqin nufuzli xalqaro sport tadbirlari yuqori saviyada oʻtkazildi. Jumladan,

3-5-mart kunlari Toshkent shahrida Dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” turniri oʻtkazilib, Oʻzbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan 49 ta davlat sportchilari iichida umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egalladi;

14-16-aprel kunlari badiiy gimnastika boʻyicha Toshkent mezbonlik qilgan Jahon kubogida Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini jamgʻardi;

26-30-aprel kunlari Samarqand shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha 18 va 23 yoshli sportchilar toifalarida Osiyo chempionati oʻtkazilib, 26 ta oltin, 12 ta kumush va 10 ta bronza medalini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi;

1-14-may kunlari Toshkentda ilk bor oʻtkazilgan boks boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Jahon chempionatida erkaklar terma jamoasi 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan oʻz tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etib, umumjamoa hisobida birinchi boʻldi;

1-7-avgust kunlari Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashi hamda Xalqaro muz ustida xokkey federatsiyasi bilan hamkorlikda osiyolik yosh xokkeychilar uchun xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkazildi.

Shuningdek, 25-iyun kuni Respublikaning 16 ta shahrida (Andijon, Namangan, Fargʻona, Nurafshon, Navoiy, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Buxoro, Qorovulbozor, Qarshi, Gʻuzor, Urganch, Nukus, Toshkent) “Yoshlar kuni”ga bagʻishlangan “Yangi nafas”, “Vatan qalqoni” xalqaro ommaviy yugurish musobaqalari hamda Xalqaro Olimpiya kuniga bagʻishlangan “Olympic day” ommaviy yugurish musobaqasi tashkil etildi.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlaridan kelib chiqib, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Tibbiyot markazi rahbar va masʼul xodimlaridan iborat Ishchi guruhlar hududlariga tashrif buyurib, sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va zaxira yaratish, murabbiylarni tayyorlash boʻyicha ishlar bilan tanishdi.

Parij-2024 oʻyinlariga tayyorgarlik jarayonlari bevosita sport federatsiyalari va assotsiatsiyalariga, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari oʻtkazilayotgan sport bazalariga chiqqan holda oʻrganib borildi.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi bilan birgalikda voleybol, yilqichilik va ot sporti, polo, zamonaviy beshkurash federatsiyalari raislari lavozimiga yangi nomzodlar saylandi.
  2. Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun Davlat byudjetidan ajratilgan jami 216,0 mlrd.soʻm mablagʻlardan:

sport tadbirlarini tashkil etish va ishtirok etish maqsadida Olimpiya sport turlari boʻyicha yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻrayotgan barcha terma jamoalar uchun (shu jumladan, Xanchjou-2022 oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtiroki);

sport inventarlari va anjomlarini sotib olish uchun;

ilmiy-metodik hamda tibbiy-biologik taʼminot uchun;

xorijiy mutaxassislar ish haqi va boshqa xarajatlari uchun;

maʼmuriy ustav xarajatlari uchun;

terma jamoalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun;

sportchi va trenerlarga toʻlanadigan stipendiya toʻlovlari uchun maqsadli foydalanildi.

  1. Yil davomida XOQ, OOK, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi, Xalqaro boks assotsiatsiyasi, Butunjahon boks Kengashi, Elektron sport xalqaro federatsiyasi, xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi, Xalqaro xokkey federatsiyasi, Osiyo dzyudo federatsiyasi, Osiyo futbol konfederatsiyasi, Osiyo velosport konfederatsiyasi, Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi, Osiyo suzish konfederatsiyasi, Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi rahbariyati va vakillari, Germaniya, Rossiya, Qatar, Gruziya, Ozarbayjon MOQ Bosh kotiblari va vakillarining Oʻzbekistonga tashriflari tashkil etildi.
  2. Tibbiyot markazi tomonidan sportchilarni davolash boʻyicha har bir sport turi uchun alohida klinik protokollar ishlab chiqilib, tasdiqlandi, 235 nafar sportchi ekspress-laboratoriya tekshiruvidan (stres laktat, kislorod va energiya isteʼmoli va h.k.), 530 nafar sportchilar shtabi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, 50 nafar sportchilar bilan davolash ishlari olib borilib, jarrohlik amaliyotlar oʻtkazildi.
  3. Tayyorgarlik jarayonlarini keng yoritish va sportni targʻib qilish yoʻnalishida televideniye, radio hamda internet-saytlari vakillari bilan hamkorlik olib borildi, olympic.uz veb-saytida 2250 dan ortiq xabarlar, maqolalar va yangiliklar joylashtirildi.

Atletlarimizning qoʻlga kiritgan yutuqlari, nufuzli musobaqalarga tayyorgarligi haqida 300 dan ortiq videomateriallar tayyorlandi, yirik sport musobaqalarida delegatsiya ishtirokiga oid 40 ga yaqin jonli efirlar amalga oshirildi, 40 dan ortiq matbuot anjumani, brifing, press-tur va ochiq eshiklar kuni tashkil qilindi.

  1. 9. 2023-yil yakuniga qadar Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga ishtirok etish huquqini (litsenziya) qoʻlga kiritgan sportchilar soni 17nafarni tashkil qilgan.

Jumladan,

1 nafar badiiy gimnastika (Taxmina Ikromova - yakkalik);

1 nafar erkin kurash (Javrail Shapiyev -86 kg);

2 nafar yunon-rum kurashi (Aram Vardanyan -77 kg, Islomjon Baxromov -60 kg);

1 nafar zamonaviy beshkurash (Alise Faxrutdinova - yakkalik);

4 nafar boks (N.Oʻktamova – 54 kg, B.Jalolov +91 kg, X.Doʻsmatov – 52 kg, A.Xalakov – 57 kg);

4 nafar velosport (UCI olimpiya reytingi orqali litsenziya davlat uchun ajratilgan, shu sababli sportchilar F.I.Sh federatsiyaning trenerlar kengashi tomonidan aniqlanadi);

1 nafar kamondan otish (Abdusattorova Ziyodaxon – yakkalik);

1 nafar yengil atletika (Davlatov Shoxrux – 42 km, 195 metr),

2 nafar taekvondo WT (Ulugʻbek Rashitov (-68 kg) va Svetlana Osipova (+67 kg).

Text to speech