2 Mart 2024 837

Toshkent “Katta dubulg‘a” turniri rasman ochiq deb eʼlon qilindi

Toshkent mezbonlik qilayotgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Bosh direkori Vlad Marinesku, MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov ishtirok etishdi.

Marosimda Vlad Marinesku Toshkent musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rgani, ikki yil muqaddam o‘tgan jahon chempionatining taqdirlash marosimida Prezidentimizning shaxsan qatnashgani dzyudoga bo‘lgan eʼtiborning yuqori ekanini bildirdi. O‘z o‘rnida Adham Ikramov davlatimiz tomonidan dzyudo ommaviyligini oshirishga ulkan ahamiyat qaratilayotgani, qolaversa, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida dzyudochilarimizdan ulkan natijalar kutilayotgani haqida to‘xtaldi.

Rasmiylar musobaqani ochiq deb eʼlon qilishgach, tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Shundan so‘ng kechki dasturdan o‘rin olgan bellashuvlar boshlandi.

Text to speech