Ular Tokioga borishadi: Xorazmlik erkin kurashchimiz G‘ulomjon Abdullayev
“Ular Tokioga borishadi” loyihamizda bugun Sizlar bilan erkin kurash bo‘yicha terma jamoamiz vakili G‘ulomjon Abdullayev haqida gaplashamiz.
G‘ulomjon Ozodovich Abdullayev 1998-yil 11-noyabr kuni Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Erkin kurash bo‘yicha -57 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Murabbiyi – Baxtiyor Sobirov.
Abdullayev xalqaro arenalardagi eng katta yutug‘ini 2016-yil qo‘lga kiritgan. 18 yoshida U20 yosh toifasidagi jahon chempionatida ishtirok etib, bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, faoliyati davomida bir qator boshqa yirik xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan. Yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni.
Sportchimiz 2016-yil yoshlar, 2018-yildan asosiy jamoaga qo‘shilgan. Aytish mumkinki, Abdullayev hozirda ushbu vazn toifasida mamlakatimiz yetakchisiga aylanish uchun o‘ziga xos mini-turnirdan o‘tishga to‘g‘ri keldi. -57 kgda terma jamoamiz Abdullayevdan tashqari Mahmud Shavkatov, Nodirjon Safarov, Umid Jalolov kabi mahoratli polvonlarga ega. Murabbiylar shtabi uzoq qarordan so‘ng bu vaznda Abdullayev nomzodini ma’qul ko‘rishdi va bu qaror amalda o‘zini oqladi. Sportchimiz joriy yilning aprel oyida Qozog‘istonda o‘tgan litsenzion turnir orqali Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan.