5 Fevral 2024 364

Sportni ommalashtirish yuzasidan soha va hududlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda taʼlim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Davlat rahbariga ko‘ra, joriy yilda sportga qariyb 2 trillion so‘m ajratilmoqda. Shu bois sportni ommalashtirish bo‘yicha tizim to‘liq va yuqori samara bilan ishlashi zarurligi taʼkidlandi.

Hokimlar o‘zi musobaqalar tashkil qilib, yangi iqtidorlarni kashf qilishga yetarli eʼtibor qaratmayapti. Oqibatda, hududlarda yaxshi sportchilar chetda qolib ketayapti.

Mahallalarni futbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi kabi sportning 12 ta ommaviy turidan biriga ixtisoslashtirish, har oyda mahallalarda ommaviy sport tadbirlarini tashkil qilish muhimligi taʼkidlandi.

Sport vazirligiga va hokimliklarga yil davomida “sektor – tuman – viloyat – respublika” darajalarida ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish topshirildi.

“Sport maktablari – sport kollejlari – sport federatsiyalari – oliy mahorat maktablari” zanjiri asosida doimiy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Iyul-sentyabr oylarida Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.

Bu yilgi yutuqlarni Tokio olimpiadasida kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritamiz, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri ekani taʼkidlandi.

Bu yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi natijalar tariximizda eng yaxshisi bo‘lishi uchun zarur choralarni hozirdan ko‘rish topshirildi.

Sport vazirligiga Parij-2024ga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarimiz uchun 15 ta Olimpiya va Paralimpiya markazida hamda Toshkent shahri, Andijon va Toshkent viloyatlaridagi 14 ta sport bazalarida barcha sharoitlarni yaratish topshirildi.

Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari bilan birgalikda ularni chuqurlashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farmakologiya va diyetologiya jihatidan sifatli taʼminlash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi.

Manba: president.uz

Text to speech