28 Fevral 2024 816

Martabali mehmonlar Olimpiya shaharchasidagi qurilish jarayoni bilan tanishishdi

Maʼlum qilib oʻtganimizdek, ayni paytda Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Bosh direktori, Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi (World aquatics) prezidenti Husayn Al Musallam hamda Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Al Shafar poytaxtimizda boʻlib turishibdi. Bugun martabali mehmonlar Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, qurilish ishlari bilan yaqindan tanishishdi.

Rasmiylarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov kutib oldi. Dastavval faxriy mehmonlarga bunyodkorlik loyihasi haqida batafsil maʼlumot berildi. 100 gektar maydonda 10 ming oʻrinli yengil atletika va futbolga ixtisoslashgan asosiy stadion, 6 ta yopiq va 13 ta ochiq inshootlar barpo etilmoqda. Barcha obyektlarga eng zamonaviy va ilgʻor kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladigan qoplamalar yotqiziladi.

Husayn Al Musallam loyihaga yuqori baho berdi. Ayniqsa, unda suv sporti turlari, yengil atletika va oʻyin sport turlari uchun qurilayotgan arenalar katta qiziqish uygʻotdi. Shuningdek, velodrom loyihasi Osama Al Shafarning eʼtiborini tortdi. Osiyo velosport konfederatsiyasi rahbari Xalqaro velosportchilar ittifoqi (UCI) prezidenti David Lapartyenga obyekt haqida oʻzining ajoyib taassupotlarini soʻzlab berishini maʼlum qildi. Zero, Markaziy Osiyoda Qozogʻiston va Turkmanistonda velotrek inshootlari boʻlsa ham, Toshkentda qad rostlaydigan velodrom UCI tomonidan qoʻyilgan eng soʻnggi talablarning barchasiga javob bera olishi bilan ajralib turadi.

Mutasaddilar suhbat davomida arenalarda sinov musobaqalarini oʻtkazish boʻyicha ham fikr almashdi. OOK Bosh direktori bu borada oʻz tavsiyalarini bildirib, tashkilot hamisha yordamga tayyor ekanini taʼkidladi.

Text to speech