27 Fevral 2024 1096

Husayn Al Musallam Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlikni yuqori baholadi

Bugun Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Bosh direktori, Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi (World aquatics) prezidenti Husayn Al Musallam hamda Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Al Shafar poytaxtimizga tashrif buyurishdi. Martabali mehmonlar bilan Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan hozirlik mavzusi muhokama qilindi.

Rasmiylarni Sport vaziri Adham Ikramov qarshi oldi. Vazirlik binosida o‘tgan uchrashuvda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov ham ishtirok etishdi.

Dastavval, Adham Ilhamovich bo‘lajak O‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishda davlat darajasida eʼtibor qaratilayotgani, shaxsan Prezidentimiz musobaqa uchun barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasining qurilishida bosh-qosh bo‘lib kelayotgani haqida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng musobaqa o‘tkazilishi uchun mo‘ljal olingan sanalar va dasturga kiritilishi ko‘zda tutilgan sport turlari ko‘rib chiqildi. Oybek Kasimov suhbat davomida sport turlari va unga biriktirilgan obyektlarni birma bir tanishtirib chiqdi va har bir yo‘nalish alohida tahlil qilindi.

Ahamiyatlisi, Husayn Al Musallam tayyorgarlik jarayonini yuqori baholadi. Yangi qurilayotgan arenalar Osiyo sportining yosh yulduzlarini kashf etishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, OOK Bosh direktori antidoping masalalari, inshootlarni zamonaviy texnikalar bilan jihozlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Rejaga ko‘ra, mehmonlar ertaga Olimpiya shaharchasiga borib, qurilish jarayoni bilan bevosita tanishishadi.

Text to speech