7 Iyun 2021 2948

Diyora Keldiyorova bronza medali uchun kurashadi

Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining ikkinchi kuni jamoamiz uchun muvaffaqiyatli yakunlanish arafasida. Biroz avval hamyurtimiz Diyora Keldiyorova (-52 kg) yarim final bahsini o‘tkazdi.

Yaponiyalik tajribali Ai Shishemega qarshi tatamiga chiqqan Keldiyorova bu bellashuvda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa yurtdoshimiz kechki dasturda bronza medali uchun kurash olib boradigan bo‘ldi. Uning bu bosqichdagi raqibasi isroillik Gefen Primo bo‘ladi.

Har ikki dzyudochi bundan 4 yil avval Antalyada o‘tgan Gran-pri turnirida to‘qnash kelishgan va unda Primonning qo‘li baland kelgan edi. Bu gal yurtdoshimiz o‘zaro hisob-kitobni tenglashtirib qo‘yishiga ishonamiz.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida beshinchi o‘rinni egallagan dzyudochi Tokio-2020 va jahon reytingi uchun 720, bronza medali sohibi esa 1000 ochkoni o‘z hisobiga qo‘shib qo‘yadi. Afsuski, bugun kurash olib borgan Sardor Nurillayev (-66 kg) ikkinchi davrada musobaqadan chiqib ketdi.

Text to speech