Tokio-2020: Aziz Abduhakimov rahbarligida tayyorgarlikni yana-da kuchaytirish bo‘yicha videoselektor o‘tkazildi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov rahbarligida Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlikni yana-da jadallashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Turizm va sport vazirligi mutasaddilari, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Aziz Abduhakimov sportchilarimizga hozir har qachongidan ko‘proq ahamiyat qaratish, ularning salomatligi, tayyorgarlik jarayonini kuchli nazoratga olish haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Federatsiya mutasaddilari, sportchilarimizning yaqinlari bilan bog‘lanib, ularning oilasidagi sharoitlarini o‘rganish kerak. Hozir ularning oilasida muammo bo‘lmasligi shart. Vazirlar Mahkamasi ham bu borada amaliy yordamga tayyor. Sportchilarimiz davlatimizning ruhiy qo‘llab-quvvatlashini, eʼtiborini yana-da kuchli his qilishsin. Ulardan natija talab qilishdan oldin, yetarlicha eʼtibor qaratib qo‘yishimiz kerak. Bizda ularning muammolarini hal qilishdan boshqa asosiy ishimiz yo‘q hozir. Ayniqsa, para-atletlarimizga ham alohida yondashish lozim”, – dedi Aziz Abduqahhorovich.
Shuningdek, Rustam Shoabdurahmonov bo‘lajak Olimpiadaga olib borilayotgan rejalar bo‘yicha fikr bildirdi.
“Turizm va sport vazirligi, federatsiyalar bilan birga Tokioga ketishdan oldin kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ayniqsa, tayyorgarlik doirasida har bir sportchimizga alohida individual reja qilinmoqda. Mutasaddilarimiz atletlarimiz ishtirok etayotgan litsenzion musobaqaga borib, ularga dalda berishmoqda, qo‘llab-quvvatlashmoqda. Barcha masalalarimiz hukumatimiz tomonidan hal qilingan. Birgalikda ishlab chiqilgan rejalar asosida ish olib boryapmiz”, – dedi MOQ raisi.
Yig‘ilish davomida sportchilarimizni koronavirus infeksiyasi va taqiqlangan dori vositalaridan saqlash, safarda doimo karantin talablariga qatʼiy rioya qilish, mashg‘ulotlarga halal bermagan holda litsenziatlarimizni ruhlantiruvchi motivatsion roliklar va turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan Xalqaro Olimpiya kuniga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish orqali ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirish borasida ham fikr-mulohazalar bildirildi.