Bugun samarqandlik dzyudochilarimiz jahon chempionati medallari uchun kurashishadi
Vengriyaning Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati davom etadi. Bugun erkaklar o‘rtasida -66 kg, ayollar o‘rtasida esa -52 kg vazn toifalaridagi bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Ushbu vazn toifalarida tatamiga ko‘tariladigan vakillarimiz Sardor Nurillayev va Diyora Keldiyorova Samarqand dzyudo maktabi tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi. Yana bir ahamiyatlisi, har ikkalasi ham mart oyida Tbilisi shahrida o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirining bir kunida oltin medallarni qo‘lga kiritishgan. Bugun bo‘lib o‘tadigan musobaqada ham birgalikda shohsupaga ko‘tarilishlarini tilab qolamiz. Ular jahon chempionatini quyidagi raqiblariga qarshi boshlashadi:
-66 kg: Sardor Nurillayev – Indrit Kulxaj (Albaniya)
-52 kg: Diyora Keldiyorova – Anjelika Delgado (AQSH)
Maʼlumot uchun, kecha bahs olib borgan vakillarimiz Kemran Nurillayev (-60 kg) va Gulnur Muratbayeva (-48 kg) medallar uchun kurashni erta tark etishdi.