15 Fevral 2024 952

Futbolchi qizlarimiz tarixiy natija qayd etishga yaqin

Futbol mavzusini davom ettiramiz. Kecha Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan erkaklar jamoalari haqida gaplashgan edik. Bugun ayollar futbolidagi holat haqida fikr yuritamiz.

Olimpiya oʻyinlarining futbol dasturida erkaklar uchun 16 ta, ayollar uchun esa 12 ta joy ajratilgan. Hozirda ayollar jamoalari orasida 5 ta ishtirokchi davlatning nomi maʼlum. Hali yana 4 ta mintaqada saralash bahslari yakunlangani yoʻq. Fevral oyining yakunida Okeaniya, Osiyo va Yevropa, aprel oyida esa Afrika qitʼasidan Olimpiadaga boradigan jamoalar nomi aniqlanadi.

Ayollar futboli dasturida hozirgacha litsenziya sohibi boʻlib ulgurgan jamoalar:
Mezbon: Fransiya;
Markaziy va Shimoliy Amerika: AQSH va Kanada;
Janubiy Amerika: Braziliya, Kolumbiya;

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining ayollar futboli dasturida Osiyo mintaqasi uchun 2 ta oʻrin berilgan. Hozirda bu kvotalar uchun 4 jamoa 2 juftlikka boʻlingan holda raqobat olib boryapti. Xabaringiz bor, Midori Xonda boshchiligidagi Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi soʻnggi hal qiluvchi bosqichga yetib kelgan boʻlib, qizlarimiz 24 va 28-fevral kunlari Avstraliyaga qarshi kechadigan uy-safar tizimidagi 2 oʻyin yakuniga koʻra Olimpiada chiptalari masalasini hal qilishga harakat qilishadi. Ikkinchi yoʻllanma uchun Yaponiya va KXDR jamoalari oʻzaro kurash olib boradi.

Hozirda Okeaniya mintaqasi uchun saralash musobaqasi oʻtkazilmoqda. 19-fevral kuni gʻalaba qozongan ushbu hudud jamoasi Parijga yoʻl oladi. Shuningdek, 23-28-fevral Yevropa, 24-28-fevral Osiyo va 1-9-aprel kunlari Afrikada soʻnggi litsenziyalarning egalari hal boʻladi.

Bir necha kundan keyin qizlarimiz Avstraliyaga qarshi oʻz faoliyatlaridagi eng muhim 2 oʻyinda maydonga tushishadi. Aprel-may oylarida esa Timur Kapadze boshchiligidagi yigitlarimiz Qatar yashil maydonlarida chempionlik va Parij-2024 yoʻllanmalari uchun bahs olib boradilar. Fursatdan foydalanib, har ikki jamoamizga ham boʻlajak oʻyinlarda omad tilab, yurtimizga Olimpiya oʻyinlarining litsenziyalari bilan qaytib kelishlarini tilab qolamiz.

Text to speech