14 Fevral 2024 1000

Dzyudochi qizlarimiz endi yaponiyalik murabbiy qoʻl ostida shugʻullanishadi

Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasida yaponiyalik murabbiy Miki Tanaka ish boshladi. Bu haqida mamlakat dzyudo federatsiyasi maʼlum qildi. Mutaxassis bugun terma jamoa bilan Boku “Katta dubulgʻa” turniriga joʻnab ketdi.

M.Tanaka ayollar terma jamoasiga jalb qilingan. Bu orqali dzyudochi qizlarimizni Toshkent “Katta dubulgʻa” turniri, shuningdek, jahon chempionati va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorlash koʻzda tutilgan. Mutaxassis oʻzbek dzyudosining qayd etayotgan ulkan natijalari, qolaversa, Oʻzbekistonda Ilias Iliadis, Marko Shpitka kabi kuchli mutaxassislar ishlayotgani bois terma jamoadan tushgan taklifga qiziqish bildirganini taʼkidladi.

Maʼlumot uchun, Miki Tanaka 1987-yilning 20-oktyabr sanasida tavallud topgan. Sportchilik faoliyati davomida -63 kg vazn toifasida ishtirok etib, jahon chempionatlarida 1 tadan oltin, kumush va bronza, “Masters” musobaqasida 1 tadan kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, uning hisobida “Katta dubulgʻa”, Gran-pri tasnifidagi musobaqalarda ham koʻplab medallar mavjud. Bunga qadar Isroil terma jamoasida murabbiylik qilgan.

Text to speech