14 Fevral 2024 15323

Parij-2024: Futbol bahslarida ishtirok etadigan 16 jamoadan 12 tasi maʼlum. Ular qaysilar?

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari doirasida oʻtadigan futbol bellashuvlari uchun saralash davri yakuniga yetib bormoqda. Hozirga kelib, Olimpiadada qatnashishi koʻzda tutilgan 16 jamoadan 12 tasining nomi maʼlum. Erkaklar oʻrtasidagi kvalifikatsiya 15-aprel – 3-may kunlari Qatarda oʻtadigan U23 Osiyo kubogidagi soʻng deyarli yakunlanadi. Reglamentga koʻra, unda birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinni egallagan jamoalar toʻgʻridan toʻri Parij-2024 yoʻllanmasiga ega chiqishadi. Toʻrtinchi oʻrin egasi Afrikadagi “qismatdoshi” (Gvineya) bilan soʻnggi yoʻllanma uchun kurash olib borishi qoladi. Keling, shu oʻrinda hozirgacha yoʻllanmani naqd qilib qoʻygan jamoalarni eslab oʻtsak:

Mezbon: Fransiya;
Markaziy va Shimoliy Amerika: AQSH, Dominikan Respublikasi;
Yevropa: Ispaniya, Isroil, Ukraina;
Afrika: Marokash, Misr, Mali;
Okeaniya: Yangi Zelandiya;
Janubiy Amerika: Paragvay, Argentina.

Olimpiadadan chetda qolgan yulduzlar. Soʻnggi ikki Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan Braziliya bu gal 4-yillikning eng muhim startida qatnashmaydi. Garchi bu yosh toifasida “pentakampeonlar” safida yetarlicha isteʼdod egalari topilsada, ular koʻproq Yevropadagi klublarining manfaatini ustun qoʻyishdi.

Shuningdek, butun boshli Angliya terma jamoasi haqida alohida toʻxtalib oʻtish mumkin. 2023-yil U21 yosh toifasidagi litsenzion Yevropa chempionatida birorta ham toʻp oʻtkazib yubormasdan chempion boʻlgan bu jamoa XOQ tarkibida boʻlmagani uchun Olimpiadaga bora olmaydi. Shu tariqa, Emil Smit-Rou, Koul Palmer, Entoni Gordon, Kyortis Jons, Xarvi Elliott kabi nomlar uchun Parij-2024 Olimpiadasining eshiklari yopilgan.

Maʼlumot uchun, Angliya, Shimoliy Irlandiya, Shotlandiya va Uels sportchilari Olimpiya oʻyinlarida Buyuk Britaniya bayrogʻi ostida ishtirok etadi. Ammo, Birlashgan qirollik FIFAning rasmiy aʼzosi boʻlmagani uchun Angliyaning chempionligi litsenzion turnirda oʻynalgan yoʻllanmalarga taʼsir qilmagan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi Qatar mezbonlik qiladigan Osiyo kubogida Malayziya, Vetnam va Quvayt bilan “D” guruhdan oʻrin olgan. Ushbu guruh gʻolibi chorak finalda “С” guruhining ikkinchi oʻrin egasi bilan kuch sinashadi. Ikkinchi boʻlib guruhdan chiqqan jamoa esa “С” guruh gʻolibi bilan yarim final yoʻllanmasi uchun kurashni davom ettiradi. “С” guruhidan esa Saudiya Arabistoni, Iroq, Tailand va Tojikiston oʻrin egallagan. Shubhasiz, yigitlarimiz guruhda favorit. Futbolchilarimiz qolgan bosqichlarda ham raqiblarga qaraganda bir bosh ustun boʻlib, uzoq kutilgan Olimpiada yoʻllanmasiga ega chiqishlariga ishonamiz.

Text to speech