Qo‘l jangchilarimiz jahon chempionatida bugun 8 ta medalni qo‘lga kiritishdi
Ma’lum qilganimizdek, shu kunlarda Toshkent qo‘l jangi bo‘yicha ilk bor kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Bugun musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali o‘tgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi qo‘mondoni, O‘zbekiston qo‘l jangi federatsiyasi raisi Rustam Jo‘rayev, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi raisi Sergey Astaxov va keng sport jamoatchiligi mutasaddilari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olganlar musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilayotgani, Prezidentimiz boshchiligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Rasmiylar marosimni ochiq deb e’lon qilishgach tadbirning badiiy qismi boshlandi. Shundan so‘ng bugungi kun dasturidan o‘rin olgan final janglariga navbat berildi.
Bugungi bellashuvlar davomida 2 nafar hamyurtimiz finalda g‘alaba qozonib, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, terma jamoamiz vakillari yana 4 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ham sazovor bo‘ldilar. Bugun shohsupaga ko‘tarilgan vakillarimiz:
Oltin:
-70 kg: Olimjon Normurodov
-55 kg: Maftuna Quvondiqova
Kumush:
-45 kg: Nargiza Nazikulova
-55 kg: Javohir Sobitov
-55 kg: Sabrina Rajabova
-75 kg: Jahongir Jumayev
Bronza:
-45 kg: Shirinoy Zohidova
-55 kg: Bekzod Atajonov