12 Fevral 2024 1343

Oʻzbekiston delegatsiyasi zamonamizda ilk bor oʻtkaziladigan “Kelajak oʻyinlari”da qatnashadi

Joriy yilning 21-fevral – 3-mart kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tarixda ilk bor “Kelajak oʻyinlari” xalqaro kompleks musobaqasi boʻlib oʻtadi. 100 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin sportchi ishtirok etishi koʻzda tutilgan sport tadbirida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham qatnashadi.

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda bir-biridan qiziqarli yangi sport turlari kashf qilinyapti. Jismoniy va raqamli musobaqalarni birlashtirgan yangi formatdagi mazkur multikompleks Oʻyinlar dunyo sportida yangi davrni boshlab bersa ajab emas. Ushbu kunlar davomida Tatariston poytaxti butun dunyodan tashrif buyurgan sportchi yoshlarning eʼtibor markazida boʻladi.

Bahslar 21 ta innovatsion yoʻnalish boʻyicha (16 ta asosiy va 5 ta kengaytirilgan dastur) oʻtkaziladi. Ularning har biri “fijital” (jismoniy va raqamli) tushunchasini ifodalaydi, yaʼni jismoniy harakat va kibersportni birlashtiradi. Gʻolib sportchilarning har ikki dasturdagi natijalarining yigʻindisiga koʻra aniqlanadi.

Taʼkidlash joiz, ushbu xalqaro musobaqada mamlakatimiz sharafini virtual velosport, sport dasturlash, fijital-xokkey va fijital-poyga kabi 4 ta sport turidagi vakillarimiz himoya qilishadi.

Sportchilarimiz mazkur bellashuvlarga tayyorgarlikni turli mamlakatlarda olib bormoqda. Jumladan, xokkeychilarimiz Rossiyada, velosportchilarimiz esa Turkiyada oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazyapti.

Musobaqada birinchi boʻlib ishtirokini boshlaydigan fijital-xokkey jamoamiz 14-fevral kuni Qozonga yetib boradi. Delegatsiyaning asosiy qismi esa 20-fevral sanasida Tataristonga tashrif buyurib, 21-fevralga belgilangan ochilish marosimida qatnashadi. Nisbatan keyinroq bahslarga kirishadigan fijital-velosport jamoamiz 22-fevral kuni Turkiyadan toʻgʻri Qozon shahriga uchib keladi.

Text to speech