9 Fevral 2024 726

E’tibor markazida akademik eshuvchilarimizning yig‘ini

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi ishchi guruh Turkiyada xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotgan terma jamoalarimiz faoliyatini kuzatishda davom etadi. Ishchi guruh bu gal Dalaman shahrida shug‘ullanayotgan akademik eshkak eshish bo‘yicha jamoamiz bazasiga tashrif buyurdi.

Akademik eshkak eshuvchilarimiz hozircha Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritganlari yo‘q. Shu bois, Sherzod Tashmatov uchrashuv davomida har bir yo‘nalishda tayyorgarlik olib borayotgan sportchilar va ularning murabbiylari bilan suhbatlashib, kvalifikatsion musobaqalarda bor imkoniyat ishga solinishi zarurligini ta’kidladi. Ma’lumot uchun, akademik eshkak eshuvchilarimiz 19-21-aprel kunlari, Janubiy Koreya, 19-21-may kunlari Shveytsariyada o‘tadigan litsenzion musobaqalarda ishtirok etishadi.

Suhbat davomida sportchilarimizning kun tartibi hamda mashg‘ulot jarayonlarida nimalarga ahamiyat qaratilayotgani, ularning tibbiy ta’minoti xususida batafsil fikr almashildi. 21-fevral sanasiga qadar davom etadigan ushbu yig‘in aprel va may oylarida bo‘lib o‘tadigan litsenzion musobaqalarga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Turkiyadagi yig‘inga yurtimiz sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilishga da’vogar 13 nafar sportchi jalb etilgan. Suhbat yakunida MOQ raisi o‘rinbosari bo‘lajak musobaqalarda barchaga omad tiladi.

Text to speech