6 Iyun 2021 2215

Ravshan Irmatov buxorolik yoshlar bilan uchrashdi

Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab “Yoshlar oyligi” boshlandi. Oylik doirasida Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov Buxoroga tashrif buyurdi. MOQ raisining birinchi o‘rinbosari safarni Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.

Shundan so‘ng R.Irmatov “Buxoro sport majmuasi” bilan tanishdi. U yerdagi futbol maydoni, undagi chim holati bo‘yicha kerakli tavsiya va takliflarini bildirib o‘tdi. Ravshan Irmatovga hamrohlik qilgan sport boshqarmasi boshlig‘i Ismoil Mirzayev, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Buxoro viloyati vakili Husenali Husenov va futbol federatsiyasi direktori Farruh Hamroyevlar sport majmuasidan so‘ng “Yoshlar markazi”ga yo‘l olishdi.

Markazda yuzlab faol yoshlar, shuningdek, erkin kurash bo‘yicha Buenos-Ayres-2018 yoshlar Olimpiadasi chempioni Umid Jalolov, boks bo‘yicha Osiyo chempioni Saidjamshid Jaʼfarov kabi taniqli buxorlik atletlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Ravshan Irmatov, “Yoshlar oyligi” tashkil etiladigan tadbirlar, yurtimizda so‘ngi to‘rt yilda amalga oshirilgan islohotlarni hayotiy va aniq misollar, xalqaro miqyosidagi muhim eʼtiroflar orqali atroflicha tushunchalar berib o‘tdi.

Ochiq suhbat davomida yoshlar, soha vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar olishdi. Ayniqsa chempionlarimiz yoshlar uchun motivatsiya bo‘ladigan fikr va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Yakunda yoshlar, tashrif buyurgan mehmonlar bilan birgalikda esdalik uchun suratga tushishdi.

Text to speech