8 Fevral 2024 758

Bu yilgi Toshkent xalqaro marafonida ishtirokchi davlatlar soni 32 taga yetadi

21-aprel kuni oʻtadigan BYD – VI Toshkent xalqaro marafoni joriy yil poytaxtimizda oʻtadigan yirik ommaviy sport tadbirlaridan biri hisoblanadi. Bugun Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida mazkur musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Yengil atletika boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari va OAV xodimlari qatnashdi. Tadbirda soʻz olgan federatsiya raisi oʻrinbosari Kamoliddin Usmonov bu kabi ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazish mamlakatimiz aholisi, xususan, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi. Shundan soʻng federatsiya bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov tashkiliy jarayon, trassa, ishtirokchi davlatlar, mukofot jamgʻarmasi, roʻyxatdan oʻtish tartibi va shu kabi asosiy masalalar boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.

Unga koʻra, VI Toshkent xalqaro marafoni mamlakatimizda tashkil etiladigan yagona World Athletics Label darajasidagi tadbir hisoblanadi. Bu gal ishtirokchi davlatlar geografiyasi kengayib, 32 mamlakatdan mohir yuguruvchilar bahs olib borishi kutilmoqda. Dasturga koʻra, poygalar marafon (42 km, 195 metr), yarim marafon (21 km), shuningdek, 3 va 10 km masofalarga yugurish yoʻnalishlarida oʻtkaziladi. Qolaversa, uning doirasida bolalar uchun “Kids Run” va skandinavcha yurish boʻyicha bellashuvlar ham tashkil etilishi kutilmoqda. Yana bir ahamiyatli tomoni, bu yil sovrin jamgʻarmasi 720 million soʻmga oshirilmoqda.

Anjuman davomida OAV xodimlari qatnashishi kutilayotgan taniqli sportchilar, doping sinamalari, tadbir oldidan tashkil etiladigan press-tur va unga koʻngillilarni jalb qilinishi kabi mavzularda oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Text to speech