5 Iyun 2021 2252

Ular Tokioga borishadi: 24 bahorni qarshi olayotgan Tursunoy Rahimova

O‘zbekiston MOQ Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan litsenziatlari bilan yaqindan tanishtirishda davom etadi. Bugun 24 bahorni qarshi olayotgan bokschimiz Tursunoy Rahimovaning faoliyatiga nazar tashlaymiz.

Tursunoy Farhod qizi Rahimova 1997-yil 5-iyun kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Dastlabki murabbiyi Umar Qahhorov. Hozirda terma jamoa bazasida Umar Qahhorov va Elshod Rasulov murabbiyligida mashg‘ulot olib boradi.

2015-yildan kattalar terma jamoasiga jalb etilgan. O‘sha yil Qozog‘istonda o‘tgan xalqaro musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritdi va shundan so‘ng jamoamiz tarkibida musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Shu paytgacha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘ulistonda o‘tgan qator xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelgan. Shu paytgacha bir nechta Osiyo va jahon chempionatlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan.

2020-yil Iordaniyada o‘tgan Osiyo-Okeaniya litsenzion turniridagi ishtiroki orqali -51 kg vazn toifasida Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Text to speech