6 Fevral 2024 681

Sherzod Tashmatov baydarka va kanoechilarimizning litsenzion musobaqaga tayyorgarligini oʻrgandi

Xabar berib oʻtganimizdek, kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda terma jamoalarimizning Parij-2024 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarligini yanada kuchaytirish boʻyicha muhim topshiriqlar berildi.

Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi xorijda shugʻullanayotgan terma jamoalarning sharoitini batafsil oʻrganmoqda. Qoʻmita raisi oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruh bugun Turkiyaning Belek shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib borayotgan baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha terma jamoalarimizning bazasiga borib, sportchi va murabbiylar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Terma jamoa 2023-yilning dekabr oyidan beri bir necha bosqichdan iborat uzluksiz mashgʻulotlarni olib boryapti. Tayyorgarlik joriy yilning aprel oyida Yaponiyada oʻtadigan qitʼaviy litsenzion musobaqaga qaratilgan. Sherzod Tashmatov sportchilarning mashgʻulotini bevosita kuzatib, ularga yaratilgan sharoitlar, ruhiy va jismoniy holatini oʻrgandi.

Shuningdek, murabbiylar shtabi bilan suhbatda litsenzion musobaqa uchun shakllantirilayotgan ekipajlar, ularning imkoniyatlari boʻyicha fikr almashildi. MOQ raisi oʻrinbosari jamoaga boʻlajak turnirda munosib ishtirok etib, mamlakatimizga Olimpiya oʻyinlarining yoʻllanmalari bilan qaytishlarini tiladi.

Text to speech