4 Fevral 2024 1589

Unutilmas g’alabalar va yorqin faoliyat uchun rahmat, Denis!

Xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli ishtiroklari bilan o‘zbek sporti, xususan, tennisi rivojiga ulkan hissa qo’shgan Denis Istomin professional sportchilik faoliyatini yakunladi. Bu haqida sportchimizning o’zi "Humo Arena" mezbonlik qilgan Devis kubogi doirasidagi O‘zbekiston - Polsha uchrashuvidan so‘ng ma’lum qildi.

Jarayon o’ziga xos tadbirga ulanib ketdi. Unda Denis Istomin yosh tennischimiz Amir Milushevga qarshi ko‘rgazmali xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi Alisher Mirsoatov va federatsiya Bosh kotibi Iroda To‘laganova kortga chiqib kelishdi.

Tadbirda Vazir Adham Ikramov so’z olib, Denis Istominning o’zbek sportida tutgan o‘rni, uning rivojiga qo‘shgan hissasi haqida iliq fikrlar bildirdi. Shundan so‘ng Denis an’analarimizga xos tarzda kuzatib qo’yildi. O‘z navbatida, Istomin bunday e’tibordan mamnun ekanligini ta’kidladi. Shu tariqa, sportchimiz katta tennisdagi faoliyatiga yakun yasadi.

Eslatib o’tamiz, Denis faoliyati davomida London-2012, Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya o’yinlarida ishtirok etgan. 2018-yil Indoneziyada o’tgan Osiyo o’yinlarida oltin, shuningdek, Guanjou-2010 da 2 ta kumush hamda Incheon-2014 da 1 ta bronza medaliga ham sazovor bo’lgan. 2012-yil ATP tasnif jadvalida 33-o’ringacha ko’tarilgan. Mazkur tashkilot bayrog’i ostida o’tgan turnirlarda 2 bor (2015, 2017-yillar) bosh sovrinni qo’lga kiritgan. Ushbu natijalari evaziga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Fursatdan foydalanib, O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi Denis Olegovichga, o’zbek sporti rivojiga qo’shgan hissasi, olib borgan yorqin faoliyati uchun minnatdorchilik bildirib, uning kelgusidagi ishlariga omad va muvaffaqiyat, sihat-salomatlik tilaydi.

Text to speech