3 Fevral 2024 875

Poytaxtimiz mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionatining ochilish marosimi o‘tkazildi

Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati start oldi. Bugun “Yunusobod sport majmuasi” mezbonlik qilayotgan musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti (IWF) Muhammad Jalud, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, Sport vazirining o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, IWF hamda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining rasmiylari ishtirok etishdi.

Rasmiylar o‘z nutqlarida Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etayotgan mazkur musobaqa katta ahamiyatga ega ekani, O‘zbekiston unga munosib tayyorgarlik ko‘rgani haqida to‘xtalishdi. Xususan, Adham Ikramov og‘ir atletika mamlakatimiz yoshlarining sevimli sport turlaridan biriga aylanib borayotgani, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan so‘nggi yillarda Toshkent turli yosh toifalaridagi qitʼa va jahon chempionatlarini muvaffaqiyatli o‘tkazganini eslab o‘tdi.

Maʼlumot uchun, bu galgi qitʼa birinchiligida Osiyoning 34 mamlakatidan 250 nafarga yaqin eng kuchli og‘ir atletikachilari jam bo‘lishdi. Bugun erkaklar va ayollar o‘rtasidagi eng yengil vazn toifalarida medallar jamlanmasi o‘ynalmoqda.

Text to speech