Tursunoy Rahimova hamda Sherzod Mamutovni tabriklaymiz!
Bugun Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida terma jamoamiz sharafini himoya qiladigan ikki vakilimiz Tursunoy Rahimova hamda Sherzod Mamutov tavallud kunini nishonlashmoqda.
Tursunoy Farhod qizi Rahimova 1997-yil 5-iyun kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2015-yildan terma jamoamiz tarkibida bir qator xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozonib kelmoqda. Bir nechta Osiyo va jahon chempionatlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. 2020-yil Iordaniyada o‘tgan Osiyo-Okeaniya litsenzion turniridagi ishtiroki orqali -51 kg vazn toifasida Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Sherzod Azamatovich Mamutov 2002-yil 5-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Dastlab Nukus shahrida Daurbek Jiyemuratov qo‘l ostida qilichbozlik sir-asrorlarini o‘rgana boshladi. Sportchimiz 2018-yil terma jamoa tarkibiga jalb qilingan. Shu yilning o‘zida sablya bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining jamoaviy yo‘nalishida kumush, bir yil o‘tgach Iordaniyadagi qitʼa birinchiligida esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Mamutov joriy yilning aprel oyida Toshkentda o‘tgan Osiyo-Okeaniya litsenzion turnirida g‘alaba qozonib, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi har ikki sportchimizni bugungi ayyom bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan g‘alabalar tilab qoladi.