Litsenzion qitʼa birinchiligi oldidan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining Kongressi o‘tkazildi
Bugun poytaxtimizda start olayotgan og‘ir atletika bo‘yicha qitʼa birinchiligi doirasida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining navbatdagi Kongressi o‘tkazildi. Tadbirda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF), O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston MOQ, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi rahbariyati ishtirok etishdi.
Kongressni IWF prezidenti Muhammad Jalud ochib berdi va Toshkent yana bir bor tashkiliy jihatdan musobaqaga aʼlo darajada tayyorgarlik ko‘rgani, mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani haqida to‘xtaldi. O‘z navbatida, Sport vaziri Adham Ikramov davlatimiz tomonidan og‘ir atletika sportini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida to‘xtaldi. Shuningdek, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov O‘zbekiston tomoni chempionatga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani haqida gapirib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilotning so‘nggi 1 yil davomida har bir yo‘nalishda amalga oshirgan ishlari tahlil qilinib, oldinda turgan musobaqalar va boshqa sport tadbirlariga ko‘rilayotgan tayyorgarliklar muhokama qilindi. Xususan, 2025-yil o‘tadigan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qitʼa birinchiligi Hindiston, kattalar o‘rtasidagi bahslar mezbonligi esa Xitoy davlatiga ishonib topshirildi.
Tadbir davomida rasmiylar o‘zaro hamkorlikning yangi rejalari xususida fikr almashishdi.