Osiyoning eng kuchli og‘ir atletikachilari Toshkentda jam bo‘lishdi
Ertaga poytaximizda og‘ir atetika bo‘yicha Osiyo chempionati start oladi. Qitʼamizning 34 mamlakatidan 239 nafar sportchi ishtirok etadigan mazkur musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir bevosita bellashuvlarga mezbonlik qiladigan “Yunusobod sport majmuasi”ning o‘zida o‘tkazildi.
Anjumanda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirining o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Al Xarbi va OAV vakillari qatnashishdi.
Tadbirda musobaqaning ahamiyati, jamoalarning tayyorgarligi haqida batafsil maʼlumot berildi. Uning Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga qimmatli reyting ochkolarini taqdim etishi chempionatga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirgan. Shahrullo Sharipovich hozirda bor eʼtibor maksimal darajada Olimpiya o‘yinlari litsenziyalarini qo‘lga kiritishga qaratilgani, bu borada davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilayotganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaga O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Ozarbayjonning Boku shahrida tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, qizlarimiz so‘nggi mashg‘ulotlarni Chirchiqda davom ettirishmoqda.