26 Yanvar 2024 1039

MOQ rahbariyati jizzaxlik yosh sportchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi

MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov sport sohasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatida xizmat safarida bo‘lishdi. Mutasaddilar dastlab Jizzax Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga tashrif buyurib, u yerda yosh sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Mashg‘ulot zallari, yotoqxona, tibbiyot bo‘limlari va oshxonalarni ko‘zdan kechirishdi.

Shundan so‘ng viloyat yengil atletika va sport o‘yinlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi, yangi qurilgan “Besh tashabbus arenasi” ham ko‘zdan kechirildi. Safar davomida viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i J.O‘ktamov va soha vakillari bilan 2023-yil sarhisobi, 2024-yil rejalari bo‘yicha uchrashuv ham o‘tkazildi. Suhbat davomida viloyatdan Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan atletlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy holatini doimiy nazorat qilib borish bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, rasmiylar Jizzax shahrida tashkil etilgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining final bahslarini kuzatib, taqdirlash marosimida ham ishtirok etishdi. Yakunda murabbiylar shtabiga yoshlar va asosiy terma jamoaga nomzod iqtidor egalarini o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga jalb qilish, seleksiya ishlarini kuchaytirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishdi.

Text to speech