Adham Ikramov terma jamoalarning tayyorgarligi va RSTIAMda ochilgan yangi reabilitatsiya boʻlimi bilan tanishdi
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida terma jamoalarimizning Parij-2024 yozgi Olimpiya va Paralimpiya, shuningdek, Toshkent-2025 yoshlar yozgi Osiyo va Para Osiyo oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarligi, Olimpiya shaharchasidagi qurilish jarayoni muhokama qilindi. Uchrashuvda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati, shuningdek, soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Dastavval, 4-yillikning eng muhim musobaqasi boʻlmish Parij-2024 ga olib borilayotgan tayyorgarlik muhokama markazida boʻldi. Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qoʻmitalarining mutasaddilari bu borada terma jamoalarning hozirligi, qoʻlga kiritilishi kutilayotgan yoʻllanmalar soni boʻyicha maʼlumot berishdi. Oʻz navbatida, vazir Adham Ikramov har bir jamoaning tayyorgarligini nazorat qilish muhimligini bildirdi.
Bugungi kunga kelib, poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasida ish qizgʻin kechmoqda. Qurilayotgan barcha obyektlarda metall-konstruksiya ishlari yakunlangan. Mutaxassislar har bir majmua Italiya, Germaniya, AQSH, Xitoy va boshqa ilgʻor mamlakatlar ishlab chiqaradigan anjomlar bilan jihozlanishi, shaharcha keyinchalik oʻzbek sporti uchun ilmiy-amaliy mashgʻulotlar markaziga aylanishi va uning rivojini yangi bosqichga olib chiqishda yagona klaster boʻlib xizmat qilishini taʼkidlashdi. MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov musobaqa dasturidan oʻrin olishi kutilayotgan sport turlari va ularning yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumot berar ekan, bu borada Osiyo Olimpiya kengashi bilan izchil ish olib borilayotgani haqida qoʻshimcha qildi.
Zamonaviy sportda terma jamoalarni yirik kompleks musobaqalarga tayyorlashda sport tibbiyoti, xususan, diyetologiya, farmakologiya, reabilitatsiya kabi yoʻnalishlarning ham oʻrni katta. Shundan kelib chiqib, Qoʻmita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM)da yangi oʻzgarishlarga qoʻl urilmoqda. Mutasaddilar bugun Markazda foydalanishga topshirilgan yangi reabilitatsiya boʻlimini koʻzdan kechirishdi. RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov ushbu boʻlim barcha kerakli texnikalar bilan jihozlangani, sportchilarning tiklanish jarayonini va ularning yangi gʻalabalari uchun xizmat qilishini qoʻshimcha qildi. Adham Ilhamovich yangi rejalarni yuqori baholab, ish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berdi.