5 Yanvar 2024 1140

Osiyo kubogi: Kimda U-23 jamoasidan eng koʻp oʻyinchi, tarkibdagi olimpiyachilarimiz va murabbiy fikri

Roppa-rosa 1 haftadan keyin Qatar yashil maydonlarida futbol boʻyicha Osiyo kubogi start oladi. Qitʼamizning eng sara jamoalari bellashadigan musobaqaga Srechko Katanes boshchiligidagi Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi ham katta hozirlik koʻryapti. Yana 4 oydan soʻng Qatarga yigʻilgan aksariyat jamoalar U-23 yosh toifasida Parij-2024 yoʻllanmalari uchun kurash olib borishadi. Ushbu maqolada Osiyo kubogida qatnashayotgan jamoalarning U-23 nuqtasida kesishadigan jihatlari haqida gaplashamiz.

Avvalo, Katanes asosiy jamoaga Olimpiya terma jamoamizdan (OTJ) jalb qilgan yigitlar haqida toʻxtalib oʻtsak. Tarkibga OTJning 7 nafar oʻyinchisi kiritilgan. Bular:
Muhammadqodir Hamraliyev (“Paxtakor”)
Diyor Holmatov (“Paxtakor”)
Abduvohid Neʼmatov (“Nasaf”)
Hojimat Erkinov (“Paxtakor”)
Abbosbek Fayzullayev (SSKA)
Abduqodir Husanov (“Lans”)
Zafarmurod Abdirahmatov (“Nasaf”)

Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze boʻlajak oʻyinlar oldidan MTJ va shogirdlariga omad tilab, musobaqa oldidan quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi:

“Osiyo kubogida terma jamoamizdan faqat gʻalaba kutamiz. Yigitlar yaxshi oʻyin koʻrsatib, muxlislarimizni va xalqimizni xursand qiladi, degan umiddaman. Futbolchilar va murabbiylarning salohiyatidan kelib chiqib, jamoamiz sovrinli oʻrinni egallab qaytishlarini tilayman va ishonaman. Har bir chiziqda katta raqobat mavjud va asosiy tarkibga munosib oʻyinchilar jamlangan. Musobaqa men uchun yoshlarimizning oʻyinini kuzatish nuqtayi nazaridan ikki karra qiziq. Bosh murabbiy ularga imkoniyat berishi bilan yigitlar oʻzlarini yaxshi tomondan koʻrsatib, gʻalaba uchun hissa qoʻshishga tayyor”.

Katanes OTJ futbolchilaridan eng koʻp foydalanayotgan murabbiylardan. Quyidagi statistikada qaysi mamlakat Osiyo kubogiga U-23 jamoasidan qancha oʻyinchi jalb qilgani bilan tanishamiz:

Indoneziya – 11
Tojikiston – 10
Vyetnam – 8
Oʻzbekiston – 7
Iroq – 7
Qirgʻiziston – 7
BAA – 7
Saudiya Arabistoni – 5
Suriya – 4
Janubiy Koreya – 4
Yaponiya – 4
Avstraliya – 3
Bahrayn – 3
Gonkong – 3
Tailand – 3
Falastin – 2
Qatar – 2
Hindiston – 2
Eron – 2
Iordaniya – 2
Livan – 2
Malayziya – 2
Oʻmon – 1
Xitoy – 1

“В” kvartetidan joy olgan jamoamizning guruh bosqichini taqvimini yana bir bor eslatib oʻtsak:

13-yanvar: Oʻzbekiston – Suriya (22:30, Toshkent vaqti)
18-yanvar: Hindiston – Oʻzbekiston (19:30)
23-yanvar: Avstraliya – Oʻzbekiston (16:30)

Qayd etish joiz,15-aprel – 3-may kunlari qitʼaning eng kuchli 16 jamoasi Osiyo chempionligi va Parij-2024 yoʻllanmalari uchun Qatarda kurash olib boradi. Milliy terma jamoa bilan Osiyo kubogida ishtirok etadigan olimpiyachilarimiz bu kabi musobaqalarda oʻzlarining mahoratlari, xalqaro maydondagi tajribalarini yana bir karra oshirib olishlari, shubhasiz. Boʻlajak bellashuvlarda futbolchilarimizga omad tilaymiz!

Text to speech