27 Dekabr 2023 1136

Oʻzbekiston delegatsiyasi Kanvon-2024 qishki oʻsmirlar Olimpiadasida ishtirok etadi

2024-yilning 19-yanvar – 1-fevral kunlari Janubiy Koreyaning Kanvon shahrida IV qishki oʻsmirlar Olimpiadasi boʻlib oʻtadi. Dunyoning 80 mamlakatidan 1900 nafar atlet ishtirokida oʻtishi kutilayotgan ushbu musobaqada Oʻzbekiston delegatsiyasi ham qatnashadi.

Bu galgi qishki Olimpiadada ikki nafar hamyurtimiz (1 yigit va 1 qiz) togʻ changʻisi bahslarida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Mavsum avvalida Avstriya va Italiyada oʻtgan litsenzion musobaqalarda 3 nafar sportchimiz Samandar Asanov, Rauan Raimqulov hamda Sabina Rejepova kerakli reyting ochkolarini jamgʻarishga muvaffaq boʻlishdi. Ushbu sport turida Oʻzbekiston terma jamoasi uchun 1+1 koʻrinishida kvota berilgani bois, murabbiylar shtabi R.Raimqulov va S.Rejepovani musobaqa uchun tanlab oldi. Samandar Asanov esa Raimqulovga zaxira sifatida birga shugʻullanishda davom etmoqda.

Rejaga koʻra, bugun tunda hamyurtlarimiz Janubiy Koreyaga yoʻl olishadi. Sportchilarimiz Koreya tomonidan taqdim etilgan “2018-yilgi Olimpiya oʻyinlarining vorislari fondi” loyihasi asosida musobaqa boshlanguncha mashgʻulot olib boradilar.

Text to speech