MOQning uzoq yillik hamkori Anvar Avazxo‘jayev 75 yoshda!
Bugun professional fotograf va operator, o‘z ishining fidoyi insonlaridan biri Anvar Avazxo‘jayev 75 yoshni qarshi oldi.
Anvar Avazxo‘jayev 1946 yil Toshkentda tug‘ilgan. Bu inson O‘zbekiston MOQ tashkil topgandan beri Qo‘mita bilan yaqin hamkorlik qilib keladi. Shu paytgacha O‘zbekiston delegatsiyasi bilan 6 ta yozgi va 1 ta qishki Olimpiya o‘yinlarida, shuningdek, Osiyo o‘yinlari va boshqa bir qator yirik musobaqalarda delegatsiyamiz bilan ishtirok etgan. MOQ mediasining arxividan joy olgan aksariyat qimmatbaho materiallarning ijodkori hisoblanadi. Faoliyati davomida “O‘zbektelefilm” studiyasida operatorlik qilib, 400 dan ortiq hujjatli filmlarni ishlagan va ularning 50 dan ortig‘i o‘zbek sportiga oiddir.
O‘zbek sportining tarixini shakllantirib borayotgan bunday insonning tavallud kuni bugun munosib nishonlandi. MOQda o‘tgan tadbirda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi Qo‘mita rahbariyati, Turizm va sport vazirligi mutasaddilari, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi sport boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Tojiyev ishtirok etishdi.
Tadbirda mutasaddilar so‘z olib Anvar Avazxo‘jayevning uzoq yillik faoliyati, o‘zbek sportida qilgani ishlari uchun tashakkur aytib, esdalik sovg‘alarni topshirishdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Anvar Avazxo‘jayevni tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.