25 Dekabr 2023 1294

Oʻzbek dzyudosida yil sarhisobi: Murodjon Yoʻldoshev va Diyora Keldiyorova eng yaxshi deb topildi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining 2023-yil sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda yakuniga yetib borayotgan yilda qayd etilgan natijalar esga olinib, yangi Olimpiya yili uchun rejalar koʻrib chiqildi. Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi rahbariyati, shuningdek, Ilias Iliadis boshchiligidagi dzyudochilarimiz va murabbiylar shtabi ishtirok etdi.

Tadbir avvalida federatsiya Bosh kotibi Azizjon Sobirov 2023-yil amalga oshirilgan ishlar boʻyicha taqdimot oʻtkazdi. Unga koʻra, sportchilarimiz yil davomida oʻtgan turli yosh toifalaridagi xalqaro musobaqalarda jami 99 ta oltin, 72 ta kumush va 149 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishgan. Shuningdek, mutaxassis dzyudo maktablarining faoliyati, yurtimiz boʻylab ushbu sport ommaviyligini oshirish boʻyicha qilinayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtdi.

Oʻz oʻrnida, Yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov davlatimiz atletlarimizni bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlashda davom etishini, bunga javoban dzyudochilarimizdan yanada yuqori natijalar kutilishini taʼkidladi. Shuningdek, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasini “Milliy sport mukofoti-2023” taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi terma jamoasi” nominatsiyada gʻolib chiqqani bilan qutladi.

Anjuman davomida Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov 2023-yil oʻzbek dzyudosi uchun muvaffaqiyatli oʻtgani, xususan, birinchi bor jahon chempionatida 4 ta medal qoʻlga kiritilgani, Osiyo oʻyinlarida ilk bora 3 ta oltin medal jamgʻarilgani, sportchilarimizning 12-yillik tanaffusdan keyin “Masters” turnirida oltin medalga ega chiqishgani, poytaxtimizda “Katta dubulgʻa” turniri, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida Osiyo kubogi va qitʼa birinchiligi yuqori saviyada oʻtkazilganini yod oldi. Shuningdek, A.Kamilov davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan 2024-yil bundan ham katta yutuqlarga erishishni maqsad qilinganini bildirdi.

Tadbir davomida mutaxassislar yangi ochiladigan dzyudo akademiyasi, Parij-2024 sikli davomida terma jamoamiz qatnashishi kutilayotgan musobaqalar, Olimpiada rejalari va boshqa koʻplab mavzularda jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Yakunda federatsiya kesimida eng yaxshilar taqdirlanishdi. Unga koʻra, jahon chempionatining bronza, Osiyo oʻyinlarining oltin va kumush medallari sohibi Murodjon Yoʻldoshev, shuningdek, jahon chempionatining kumush, Osiyo oʻyinlarining oltin va kumush medallari egasi Diyora Keldiyorova mos ravishda eng yaxshi erkak va ayol sportchilar sifatida eʼtirof etildi. Shuningdek, boshqa bir qator yoʻnalishlarda ham mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.

Text to speech