3 Iyun 2021 2847

Yurtimizda ilk bor bog‘cha yoshidagi bolalar o‘rtasida velopoyga tashkil etildi

O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi tashabbusi bilan Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan mazkur velopoygada 65 nafar o‘g‘il-qiz o‘zaro bellashdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va O‘zbekiston Velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasi hamda sog‘lom, yetuk insonlar bo‘lib yetishishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berilayotganini taʼkidladi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini tag‘rib qilishda, farzandlarimizni bolaligidanoq sportga oshno qilib ulg‘aytirishda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Darqahiqat, ekologiya, bolalar va yoshlarni sportga jalb qilish, aholi o‘rtasida sportni ommalashtirish – Hukumatimizning diqqat markazidagi masalalardandir.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Turizm va sport vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda YEXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari sport bilan shug‘ullanishi uchun ularni zamonaviy begovellar (bolalar uchun pedalsiz velosipedlar) bilan taʼminlash, “O‘zbekistonda birinchi bolalar velomarafoni”ni o‘tkazish bo‘yicha memorandum imzolangan edi. Ushbu bitim doirasida 2021 yildan boshlab respublikamizning barcha hududlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich begovellar bilan taʼminlash ko‘zda tutilgan”, – deydi O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev.

Loyiha doirasida Toshkent shahridagi 13 ta maktabgacha taʼlim muassasasiga dastlabki 400 ta begovel topshirilgan edi. Tadbirda mazkur taʼlim muassasi tarbiyalanuvchilari ham ishtirok etishdi. Yuqorida keltirilgan Memorandumga ko‘ra, endilikda bog‘cha bolalari o‘rtasida ham muntazam bellashuvlar tashkil etiladi.

Maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar o‘rtasida “Kelajakka yashil qadam” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur musobaqa ishtirokchilar qalbida uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Tadbir so‘ngida bolajonlarga esdalik medallari, sovg‘alar topshirildi hamda ular uchun ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi.

Text to speech