21 Dekabr 2023 1661

Osiyo va Para Osiyo oʻyinlarining qahramonlariga pul mukofotlari topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori va Vazirlar Mahkamasining tegishli Farmoyishiga binoan Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo va IV Para Osiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, ularni tayyorlagan murabbiylarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari, sport federatsiyalari masʼullari, sportchi va murabbiylar, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov ochib berar ekan, davlatimiz hamisha xalqaro maydonda muvaffaqiyat qozongan sportchilarimizni qoʻllab-quvvatlab kelishi, ularga barcha sharoitlarni yaratib berishini taʼkidladi. Oʻz navbatida, Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev sportchilarimizni qutlab, ularning kelgusi faoliyatlarida, xususan, Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik yoʻlida oʻzlarining iliq tilaklarini bildirishdi.

Prezident Qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Farmoyishiga binoan oltin medalni qoʻlga kiritgan sportchilar 10 000, kumush medal egalari 5 000, bronza medali sohiblari 2500 AQSH dollari; ularning murabbiylari esa ushbu summalarning teng yarmi miqdorida, mos ravishda 5 000, 2500 hamda 1250 AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Davlatimizning bunday eʼtibori sportchi va murabbiylarimizni ham ilhomlantirdi. Tadbirda soʻz olgan taekvondo WT boʻyicha Osiyo oʻyinlari chempioni Ulugʻbek Rashitov va boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichev, shuningdek, para yengil atletika bahslarida 1 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan Asila Mirzayorova hamda para kanoe boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiyi Dilshod Yoʻldoshev ushbu eʼtibor va gʻamxoʻrlik yangi Olimpiya yili oldidan katta motivatsiya boʻlishini taʼkidlab, kelgusida bundan ham ulkan gʻalabalar sari mehnat qilishlarini bildirishdi.

Text to speech