18 Dekabr 2023 949

Dunyoni lol qoldirgan yirik sport tadbirlari tashkilotchilari “Toshkent-2025” loyihalariga jalb etilmoqda

Shu kunlarda Gevin Feng boshchiligidagi Xitoyning “Zhejiang Dafeng Industry Co.,Ltd” kompaniyasining rahbariyati poytaxtimizda mehmon boʻlib turibdi. Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida tashkilot mutasaddilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Mehmonlarni vazir Adham Ikramov kutib oldi. Shuningdek, uchrashuvda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ham ishtirok etdi.

Ushbu tashkilot uzoq yillardan beri madaniyat, sport va turizm sohalarida faoliyat olib boradi. Uning asosiy yoʻnalishi yirik tadbirlarning badiiy qismlarini tashkillashtirish, ssenariysini ishlab chiqish va obyektlarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash hisoblanadi. Xususan, Pekin-2022 qishki Olimpiya va Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlari, shuningdek, boshqa koʻplab yirik sport tadbirlarining tantanali ochilish hamda yopilish marosimlari “Zhejiang Dafeng Industry Co.,Ltd” tomonidan sahnalashtirilgan.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida Xitoy tomoni “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlarining ochilish va yopilish marosimlari, musobaqalar oʻtkaziladigan obyektlarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surdi. Oʻz navbatida, Adham Ikramov tantanali marosimlar millatimiz tarixi, boy madaniy merosi, uzoq asrlarga borib taqaladigan davlatchiligi va yorqin kelajagini ifodalab berishi, shuningdek, barcha muxlislarga koʻtarinki kayfiyat ulashishi muhimligini bildirdi.

Kunning ikkinchi yarmida uchrashuvning mantiqiy davomi Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi binosida oʻtdi. Unda MOQ va “Zhejiang Dafeng Industry Co.,Ltd” oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadbir yakunida Xitoy kompaniyasi tomonidan bildirilgan takliflar yaxshilab oʻrganib chiqilishi va har ikkala tomonni qanoatlantiradigan taqdirda hamkorlikning kelgusi qadamlari boʻyicha kelishib olindi.

Text to speech