3 Iyun 2021 2340

MOQ velosiped sporti oilasini Butunjahon velosiped kuni bilan qutlaydi

2018-yil aprel. BMT navbatdagi Bosh Assambleyasida bir qator masalalarni ko‘rib chiqar ekan, inson salomatligini yaxshilash, dunyo aholisining jismoniy faolligini oshirish maqsadida qator loyihalar ustida izlanib, ular orasida eng maqbuli – velosiped targ‘ibotini maʼqulladi. Shunda 3 iyun – Butunjahon velosiped kuni deb eʼlon qilindi va butun dunyo bo‘ylab bu sana katta bayram sifatida nishonlab kelinmoqda.

O‘zbekistonda ham velosiped sporti istiqboli yildan yilga yuqori bosqichga chiqib bormoqda. Buni 2019 yil Toshkentda Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionatining o‘tkazilgani, unda 2 nafar sportchimiz Murodjon Xolmurodov va Olga Zabelinskaya Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgani kabi misollar bilan ifodalash ayni muddao. O‘zbekistonda ushbu sport turining porloq kelajagini ko‘rish mumkin. Zero, hukumatimiz, shuningdek, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida kattadan katta dasturlar amalga oshirilmoqda.

O‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi qoshida ilk bor professional klub tashkil etilmoqda. Jizzax viloyatida esa yangi VMX trassasi foydalanishga topshirilish arafasida turibdi. Shubhasiz, bunday yangiliklar ushbu sport rivojining yurtimizda yangi bosqichga chiqishida katta rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi va ushbu sport oilasini bugungi bayram bilan samimiy qutlab qoladi.

Text to speech