13 Dekabr 2023 573

Sodiqova hamda Sobirjonova final bosqichiga yoʻl olishdi

Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Usi “Katta dubulgʻa” turnirida bugungi ishtirokini yakunladi. Ahamiyatlisi, unda bahs olib borgan har ikki sportchimiz ham final bosqichida qatnashadigan boʻldi.

-67 kg vazn toifasida dayanga koʻtarilgan Feruza Sodiqova va Ozoda Sobirjonova dastlabki bosqichni muvaffaqiyatli yakunlashdi. Qurʼa ularni ikkinchi davrada oʻzaro toʻqnash qildi. Murabbiylar shtabi bu vaziyatda Sobirjonovaning jangsiz chorak finalga oʻtishini maʼqullashdi. Boisi, musobaqadan avval tashkiliy qoʻmita tomonidan jahon reytingidagi yuqori oʻrni sabab Feruza Sodiqova hamda Nikita Rafalovich final bosqichiga taklif etilgan.

Xabar qilganimizdek, saralash turnirida oʻz vazn toifalarida chorak finalgacha yetib borgan sportchilar hal qiluvchi bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Shu tariqa, chorak finalgacha yetib borgan Ozoda Sobirjonova, shuningdek, yuqori reytingga ega Feruza Sodiqova ham final turnirida qatnashadi. Ertaga qolgan vazn toifalaridagi saralash bahslari davom etadi.

Text to speech