7 Dekabr 2023 905

Tomas Bax boshchiligida 12-Olimpiya sammiti o’tkazildi

Shveytsariyaning Lozanna shahrida 12-Olimpiya sammiti bo’lib o’tdi. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi tomonidan o’tkazilgan mazkur tadbirni tashkilot prezidenti Tomas Bax olib bordi. Unda dunyo bo’ylab Olimpizm harakatini yanada rivojlantirishga oid qator masalalar ko’rib chiqildi.

Sammitda Olimpiya harakatining yetakchi vakillari bevosita Lozannadan ishtirok etishgan bo’lsa, Milliy Olimpiya qo’mitalari onlayn formatda qatnashishdi. Xususan, mamlakatimiz nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etdi.

Dastavval, Birlashgan Millatlar tashkiloti rezolyutsiyasida ilgari surilgan “Tinch va go’zal dunyoni sport hamda Olimpizm g’oyalari orqali quramiz” loyihasi muhokama qilindi. Yakunda 118 mamlakat ushbu tashabbusni qo’llab-quvvatladi. 2 mamlakat betarafligini bildirgan bo’lsa, yana 1 davlat qarshi chiqdi.

Sammitda yaqinlashib kelayotgan Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o’yinlariga ham atroflicha to’xtalib o’tildi. Qatnashchilar bo’lajak tadbir Olimpiya o’yinlari tarixida tub burilish yasashi haqida gapirishdi. Zero, unda maksimal darajada gender tengligiga e’tibor qaratilishi barcha insonlarning teng huquqli ekanini ifodalaydi. Xalqaro musobaqalarda neytral maqomda qatnashayotgan sportchilarning unda ishtirok etishi bo’yicha talablar bildirildi.

Yig’ilish davomida Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlik, anti-doping, siyosatdan holi sport, raqamli aloqa, Kibersport Olimpiya o’yinlari loyihasini o’rganib chiqish kabi mavzular bo’yicha fikr almashildi.

Text to speech