2 Iyun 2021 2428

Prezident tabrigi, yaqinlar quvonchi yoxud bugungi kun qahramonlari tantanali kutib olindi

Xabaringiz bor, 24-31-may kunlari BAAning Dubay shahrida boks bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 7 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza, jami 18 ta medal qo‘lga kiritishdi. Bugun Vatanimiz shaʼnini munosib himoya qilgan bokschilarimiz Toshkentga qaytib kelishdi.

Toshkent Xalqaro aeroportida o‘tgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Mudofaa vazirligi mutasaddilari, sportchilarimizning ota-onalari va yaqinlari, OAV xodimlari va keng sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.

Delegatsiyamizni Aziz Abduhakimov qarshi oldi va muzaffar bokschilarimizni qo‘lga kiritilgan g‘alabalar bilan qutladi.

Shundan so‘ng mutasaddilar, delegatsiyamiz va bokschilarimizning yaqinlari aeroportdan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomon yo‘l olishdi.

Tadbir avvalida bugungi kun qahramonlari yana bir bor eʼtirof etilib, ularning g‘alabalari yod olindi. Shundan so‘ng Aziz Abduhakimov barchaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bokschilarimizga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikning asl nusxasi O‘zbekiston boks federatsiyasiga topshirildi. Uni federatsiya bosh kotibi Murod Mamadaliyev qabul qilib oldi.

Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan tabrik terma jamoamizni yana-da ruhlantirdi. Shundan so‘ng ushbu qitʼa birinchiligida chempionlikni qo‘lga kiritgan Bahodir Jalolov, Sitora Turdibekova, terma jamoa katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘ziohunov so‘z olib, yurtboshimizning eʼtiboridan mamnun ekanliklari, kelajakda bunday ishonchni oqlash uchun bor kuch-g‘ayratlarini ishga solishlarini taʼkidlab o‘tishdi. Bokschilarimizning ota-onalari nomidan Saboxat Jalolova hamda Yusupbek Ro‘zmetov ham so‘zga chiqib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov faxriylar nomidan ushbu tadbir uchun o‘ziga xos mantiqiy yakun yasab berdi.

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi Osiyo chempionatida delegatsiyamiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, erkaklar jamoamiz qitʼada ketma-ket uchinchi bor tengsiz ekanliklarini isbotladi.

Text to speech