4 Dekabr 2023 1307

Toshkent yana bir bor ogʻir atletika boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Bugun Qatarda ogʻir atletika boʻyicha Gran-pri turniri start oladi. Parij-2024 Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadigan ushbu musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etishi haqida maʼlum qilgan edik.

Turnirdan avval Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda yaqin vaqt ichida oʻtadigan yirik musobaqalarga mezbon davlatlar belgilab olindi. Ahamiyatlisi, Toshkent shahri 2025-yil yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati mezbonligini qoʻlga kiritdi. Qayd etish joiz, 2018-yil ham yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati poytaxtimizga ishonib topshirilgan va musobaqa yuqori saviyada oʻtkazilgan edi.

2026-yilga belgilangan kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligi esa Xitoyning Ninbo shahrida oʻtadigan boʻldi. Maʼlumot uchun, kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati 2024-yil Bahrayn, 2025-yil Norvegiyada tashkil etiladi.

Qatar Gran-prisining birinchi kunida esa hamyurtlarimiz orasida Jamila Panfilova ishtirokini boshlaydi. -49 kg vazn toifasiga ega atletimiz “В” guruhida oʻz omadini sinab koʻradi. Uning chiqishi Toshkent vaqti bilan 15:30 da boshlanadi.

Text to speech