29 Noyabr 2023 1159

Olimpiya shaharchasidan kelajakda oqilona foydalanish masalasi ko‘rib chiqildi

Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Respublika oliy sport mahorat maktablari, federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari bilan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun qurilayotgan obyektlar va ulardan kelajakda samarali foydalanish bo‘yicha qator loyihalarni ko‘rib chiqayotgani haqida maʼlum qilgan edik. Bugun mutasaddilar Olimpiya shaharchasining o‘ziga tashrif buyurib, loyihaning yakuniy holatini muhokama qilishdi.

Mazkur uchrashuvda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov va uning o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov, federatsiyalar masʼullari ishtirok etishdi.

Adham Ilhamovich qurilish jarayoni haqida to‘xtalar ekan, shaharchada olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida yana bir bor batafsil maʼlumot berdi. Shundan so‘ng kun tartibining asosiy mavzusiga o‘tildi. Unda vazir davlatimiz rahbari tomonidan Olimpiya shaharchasining imkoniyatlaridan keng foydalanish, uni ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar markaziga aylantirish borasida berilgan topshiriqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shaharcha hamyurtlarimiz uchun zamoanviy sport disneylendiga aylantirilishi ko‘zda tutilgan. Oybek Kasimovning taʼkidlashicha, shaharcha o‘zbek sportining rivojini yangi bosqichga olib chiqishda yagona klaster bo‘lib xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida O‘yinlardan so‘ng ushbu shaharchaga joylashadigan oliy sport mahorati maktablari va federatsiyalarning joy taqsimoti, terma jamoalar uchun ajratiladigan mashg‘ulot zallaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Tadbir yakunida mutasaddilar qurilish olib borilayotgan hududlarda ham bo‘lib, jarayon bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, har hafta federatsiya masʼullari bilan jarayonni muntazam ko‘zdan kechirib borish bo‘yicha kelishib olindi.

Text to speech