O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yangi bosqichga chiqmoqda
Ayni kunlarda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida II Saudiya oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda. 27-noyabr kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda fahriy mehmon sifatida taklif etilgan Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ham ishtirok etishdi.
Otabek Muhammadaliyevichni Saudiya Arabistoni shahzodasi Faxad bin Mansur Al Saud kutib oldi. Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasini Qirollik oilasining yana bir vakili, mamlakat Sport vaziri, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari raisi shahzoda Abdulaziz bin Turkiy Al Faysal Saudiya o‘yinlarining ochilish marosimiga taklif qildi.
Tashrif davomida shahzoda Abdulaziz bilan mintaqada Olimpiya harakatini rivojlantirish va davlatlar o‘rtasida sport sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida uchrashuv tashkil etildi. Samimiy ruhda o‘tgan suhbatda bir qator istiqbolli masalalar muhokama qilindi. Jumladan, har ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, yirik sport musobaqalariga tayyorgarlik doirasida terma jamoalar ishtirokida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, sport sohasidagi so‘nggi yutuqlarni baham ko‘rish borasida fikr almashildi.
Ar-Riyodda bir vaqtning o‘zida Islom birdamligi sport tashkilotining Kongressi ham o‘tkazilmoqda. Rasmiylar mazkur tadbirda ham ishtirok etib, xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida kelishuvga erishishmoqda.
Tashkiliy qo‘mita a’zolari rasmiy mehmonlar uchun Saudiya Arabistonida sportni rivojlantirish borasidagi “Vision-2030” strategiyasini taqdim qilishdi. Unda Saudiya Arabistonining 2034 yil futbol bo‘yicha jahon chempionati, yozgi Osiyo o‘yinlari kabi yirik musobaqalarga tayyorgarlik rejasi haqida turli taqdimotlar o‘tkazildi. Rasmiylar "Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik qilish masalasini ko‘rib chiqishdi.