Zamonaviy beshkurash “Besh tashabbus harakati”da
Xabaringiz bor, poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan “5 tashabbus harakati” minglab yurtdoshlarimizni ommaviy sport targ‘iboti yo‘lida ham birlashtirdi. Ushbu tadbir doirasida yo‘lga qo‘yilgan “Laser-run” tadbirida 2000 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.
Zamonaviy beshkurash sportining ajralmas qismlaridan biri bo‘lmish mazkur yo‘nalish yurtimizda tobora ommalashib bormoqda. Bu haqida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Zamonaviy beshkurashning barcha yo‘nalishidan eng qiziqarlisi bu lazerli to‘pponchadan o‘q otish bilan yugurish hisoblanadi. Ushbu musobaqalar mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otadi deb o‘yladik va adashmadik. Musobaqada nafaqat havaskorlar, balki qatnashchilar oilaviy bo‘lib ham ishtirok etishdi. Tashrif buyurgan bir qator maktab o‘quvchilari ham o‘zaro bellashdilar. Shuningdek, federatsiyamizni qo‘llab-quvvatlash uchun Ravshan Irmatov, Iroda To‘laganova va Server Jeparov kabi o‘zbek sportining yulduzlari ham tashrif buyurishdi. Besh kun ichida biz juda ko‘p tabassumlarni, quvonchli his-tuyg‘ularni, chaqnab turgan ko‘zlarni ko‘rdik! Bu haqiqatan ham sport bayrami edi. Ushbu keng ko‘lamli yoshlar tadbirida qatnashish imkoniyatini taqdim qilgani va uni tashkil etgani uchun mamlakatimiz hukumati va Toshkent shahar hokimiyatiga alohida minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”, – dedi federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev.