“Toshkent-2025”: Qurilayotgan obyektlarning federatsiyalar kesimida taqsimlanishi muhokama qilinmoqda
2025-yil poytaxtimizda oʻtadigan IV yoshlar Osiyo va V Para Osiyo oʻyinlari uchun qurilayotgan inshootlardan musobaqa davomida va undan keyin samarali foydalanish masalalari koʻrib chiqilmoqda. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida ushbu mavzuga bagʻishlangan yigʻilishlar oʻtkazilmoqda.
Kunning birinchi yarmida shaharchaning bosh stadioni, shuningdek, jamoaviy sport turlari uchun quriladigan obyektlarning loyihalari koʻrib chiqildi. Unda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Otabek Ergashev, futbol, yengil atletika, gandbol va voleybol federatsiyalarining masʼullari ishtirok etishdi.
Shaharcha keyinchalik oʻzbek sportining istiqboli yoʻlida yagona klaster sifatida xizmat qiladi. Shu bois undagi har bir binodan unumli foydalanish talab etiladi. Adham Ilhamovich binolarning ichki joylashuvi, loyihasi, jihozlanishini batafsil oʻrganib, foydalanuvchilarga yanada qulay sharoitlarni yaratib berish borasida koʻrsatmalarini berdi.
Vazir har bir bino xalqaro talablar asosida qurilishi lozimligini alohida taʼkidladi. Ulardagi hakamlar, OAV, texnik xodimlar, jamoalar uchun ajratiladigan boʻlimlar ham jahon standartlariga mos kelishi kerakligini qoʻshimcha qildi.