1 Iyun 2021 2326

Xanchjou-2022, Parij-2024: Velosportchilarimizni xorijlik tajribali murabbiy tayyorlashi kutilmoqda

Bugun MOQda velosport bo‘yicha terma jamoamizga jalb etilishi kutilayotgan xorijlik tajribali murabbiy Gleb Groysman bilan Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari muhokama qilindi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev ham ishtirok etishdi.

Suhbat davomida terma jamoamiz bilan shartnoma imzolashi kutilayotgan xorijlik mutaxassis bilan rejalar atroflicha muhokama qilindi. Gleb Groysman bir oy avval Toshkentga yetib kelgan va terma jamoamizning 1 oylik yig‘inini tahlil qilib chiqdi. Muloqot davomida mutaxassis yosh sportchilarimizning qobiliyatiga yuqori baho berdi.

Taʼkidlash joiz, bu borada terma jamoamiz vakillaridan tuziladigan professional klub faoliyati katta ahamiyatga ega. Jamoa uzluksiz yig‘in va musobaqalar orqali mazkur kompleks musobaqalarga hozirlik ko‘radi. Bu orqali Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni yana-da ko‘paytirish ko‘zlangan.

Suhbat davomida Olga Zabelinskaya hamda Murodjon Xolmurodovni Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga olib borayotgan tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. O‘z navbatida, MOQ rahbariyati Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda federatsiyalarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Text to speech