Olimpiya shaharchasining qurilishi boʻyicha Prezident topshiriqlarining ijrosi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi
18-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishgani haqida maʼlum qilgan edik. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida ushbu oʻrganish ishlari yakunida berilgan topshiriqlar va ularning ijrosi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Uchrashuvni Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov olib bordi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov, Saken Polatov, Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov, Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimi Rashid Talipov ishtirok etishdi.
Suhbatning asosiy mavzusi “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo va V Para Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik, unga kiritiladigan sport turlari, musobaqa sanalari va mehmonlarga yaratiladigan qulayliklarni yaxshilash boʻldi. Vazir davlatimiz rahbari tomonidan ish samaradorligini yanada oshirish boʻyicha bergan topshiriqlari xususida batafsil toʻxtalib oʻtdi. Olimpiya shaharchasi eng zamonaviy inventarlar bilan jihozlanadi. Musobaqa oʻtganidan soʻng esa obyektlar mamlakatimiz sportini yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida xizmat qiladi. Bunda Olimpiya shaharchasi terma jamoalarimizning yirik musobaqalarga hozirlik koʻrishi uchun yagona klaster va ilmiy-amaliy mashgʻulotlar markaziga aylanadi.
Shuningdek, shaharcha ichida barcha qulayliklarga ega koʻngilochar sport maydonchalari ham boʻladi. Asosiysi, Osiyo oʻyinlaridan soʻng obyektlar terma jamoalar uchun asosiy tayyorgarlik bazasi vazifasini bajaradi. Vazir Prezidentning Vengriya, Xitoy, Belarus kabi mamlakatlardan xalqaro ekspertlarni jalb qilish borasida bergan topshiriqlarini yetkazdi.
Yigʻilish davomida musobaqa ramzlarini tasdiqlash, bellashuvlar oʻtadigan sanalarni shakllantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Musobaqa dasturidan oʻrin oladigan sport turlari tarkibi ham yakuniy holatda boʻlib, loyiha kelishish uchun Osiyo Olimpiya kengashiga yuborishga tayyorlanmoqda.
Suhbat yakunida sportchilarimizning Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarliklari haqida ham toʻxtalib oʻtildi. A.Ikramov hukumatimiz tayyorgarlik rejasini toʻlaligicha qoʻllab-quvvatlayotgani, bunga javoban terma jamoalarimizdan koʻproq yoʻllanmalar qoʻlga kiritish kutilayotganini qoʻshimcha qildi.