“Toshkent-2025”: Musobaqa dasturidan oʻrin olishi kutilayotgan sport turlari muhokama qilindi
“Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari dasturidan oʻrin oladigan sport turlarini shakllantirish yakuniy pallaga kirdi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari bilan ushbu mavzu yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov, Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov ishtirok etishdi.
Yigʻilishni Oybek Kasimov olib bordi va boʻlajak oʻyinlar dasturiga kiritiladigan sport turlari, ularning yoʻnalishlarini atroflicha tahlil qilish muhimligini taʼkidladi. MOQ Bosh kotibi federatsiyalar masʼullariga yoshlar Osiyo oʻyinlarida ishtirok etadigan sportchilarning seleksiyasini kuchaytirish va ularni musobaqaga puxta tayyorlash boʻyicha tavsiya berdi.
Shuningdek, Olimpiya shaharchasida olib borilayotgan qurilish ishlari qay holatidaligi boʻyicha hisobot tinglandi. Koʻzda tutilgan sport turlari qaysi obyektlarda oʻtkazilishi, ularning muddatlari ham koʻrib chiqildi. Yigʻilish soʻnggida federatsiya masʼullaridan 3 kun muddat ichida yoshlar Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritiladigan yoʻnalishlar boʻyicha yakuniy takliflarini berishlari soʻraldi.