Qilichbozlarimizning muvaffaqiyati OAV eʼtiborida
Kuz fasli qilichbozlik boʻyicha musobaqalarga boy. Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi joriy mavsum Jahon kubogi bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 6 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi. 18-19-noyabr kunlari esa Toshkent sablyachi qizlar oʻrtasidagi navbatdagi bosqichga mezbonlik qiladi.
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida sportchilarimizning ortda qolgan bosqichdagi muvaffaqiyatli ishtiroki va hafta yakunida kutilayotgan navbatdagi bosqichga tayyorgarlik mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, terma jamoa murabbiylari va sportchilar, faxriylar, OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Dastavval, G.Saidova qilichbozlarimizning joriy yil davomida erishgan gʻalabalari haqida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan 1 ta oltin va 2 ta bronza medallari, oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati, Jahon kubogi bosqichlaridagi zafarlari tilga olindi. Mutaxassis bunday natijalar davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi, sportga qaratayotgan eʼtibori sabab erishilganini taʼkidladi. Oʻz navbatida, faxriylar va sportchilarimiz ham ushbu fikrni tasdiqlashdi. Terma jamoa aʼzolari kelgusida bunday eʼtibor bilan yanada yuqori natijalar qayd etishlarini bildirishdi.
Anjumanda Toshkentda oʻtadigan bosqich haqida ham toʻxtalib oʻtildi. Ayni paytgacha Gruziya, Gonkong, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Serbiya va Oʻzbekistondan 50 nafarga yaqin sportchi roʻyxatdan oʻtgan. Qilichbozlarimiz mazkur musobaqada yakkalik va jamoaviy dasturda muhim reyting ochkolari uchun kurash olib borishadi.
Tadbir davomida OAV xodimlari asosiy terma jamoamizning Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik strategiyasi, yoshlarimizning boʻlajak musobaqaga tayyorgarligi borasida oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.